“Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i” Qashqadaryo viloyati Kitob tumani joylashgan bo‘lib, u o‘z hududida joylashgan global stratotip chegara nuqtasi, stratigrafik kesmalari hamda o‘ziga xos tabiati bilan ma’lum va mashhur. Kitob geoparki Zarafshon tog‘ining janubiy-sharqiy qismida (Javuz qishlog‘i) joylashgan.

     Kitob geoparki joylashgan yerlarni ilk o‘rganish ishlari 1957-yilda A.I.Kim va boshqa bir guruh mutaxassislar tomonidan olib borilgan. Xususan, hududda geologik va biostratigrafik kuzatuvlar, tog‘ jinslarini yoshini aniqlash ishlari amalga oshirilgan va hududning geologik xaritasi tuzilgan. Kitob geoparkida joylashgan barcha stratigrafik kesmalarni aniqlash, xalqaro devon shkalasini shakllantirish, hududning stratigrafiya, paleontologiya, sedimentologiyasini batafsil o‘rganish maqsadida 1979-yil 22-martda Kitob davlat geologik qo‘riqxonasi tashkil etildi va ishchi-xodimlarga qulayliklar yaratish maqsadida Javuz qishlog‘i hududida dala baza tashkil etildi. Ushbu dala bazada ishchi-xomlar yashab ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

     Kitob geoparki hududida ko‘plab xalqaro va milliy ahamiyatga ega geologik obyektlar mavjud. Ushbu geologik meroslarning eng ahamiyatlisi bu Zinzilban kesmasida joylashgan global stratotip chegara nuqtasi (GSSP) bo‘lib, quyi devon davrining ems yarusi standarti (elatoni) hisoblanadi. Stratotip 1989-yilda devon stratigrafiyasi bo‘yicha xalqaro komissiya tomonidan tanlab olingan va 1996-yilda geologiya fanlari xalqaro ittifoqi tomonidan tarifikatsiya qilingan. Zinzilban kesmasi butunjahon geologik merosi obyekti bo‘lib, Kitob geoparkining xalqaro maqomini ta’minlaydi.

     Shuningdek, Kitob geoparki va unga tutash hududlarda Xo‘ja-Qo‘rg‘on (devon), Novobak (ordivik-silur), Obisafet (silur-devon), Kule (devon-karbon), Shahriomon (ordovik-sulir) kesmalari mavjud bo‘lib, bu kesmarning har birida o‘ziga xos toshqotgan fauna qoldiqlari saqlanib qolgan.

     Kitob geoparkida bugungi kunga qadar yuzlab xalqaro soha mutaxassislari tashrif buyurgan va o‘nlab xalqaro forum hamda seminarlar tashkil qilingan. Kitob geoparki hududidagi kesmalar va undagi hayvon qoldiqlarini o‘rganish to‘g‘risida yigirmadan ziyod hisobot, ellikdan ziyod imliy ishlar qilingan.